Abu-Dabida Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari ishtirokida Ukraina mojarosini hal etishga qaratilgan uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi bosqichi yakunlandi. Uchrashuv yakunlangach, delegatsiyalar muzokaralar maydonini tark etgan. Ukraina rasmiylari muzokaralarni konstruktiv va samarali o‘tganini ta’kidladi. Bu haqda RBK ma'lum qildi.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Kirill Budanov muzokaralar mazmunli va ijobiy ruhda o‘tganini bildirib, AQSh va Birlashgan Arab Amirliklariga vositachilik va yuqori darajadagi tashkiliy ishlar uchun minnatdorchilik bildirdi. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Vitkoff ham uchrashuvlarni samarali va batafsil deb baholadi.
Muzokaralardan so‘ng Rossiya va Ukraina o‘rtasida “157 ga 157” formulasi asosida harbiy asirlar almashuvi amalga oshirildi. Tomonlar asosan hududiy masalalar, xavfsizlik kafolatlari hamda Ukrainada ehtimoliy tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish masalasini muhokama qildi. Ayrim manbalarga ko‘ra, bu masalada hali yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Mutaxassislar muzokaralarda ma’lum darajada ijobiy siljish borligini qayd etmoqda, biroq yakuniy xulosalar chiqarish uchun hali erta ekani ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, tomonlar kelgusida yangi uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ayrim rasmiylar mojaroni yaqin oylar ichida tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyati mavjudligini ham istisno qilmayapti.


