Zamdekan voqeasidan xulosam: ayollar erkaklardan hamjihatlikni, erkaklar ayollardan xolislikni o‘rganishlari kerak ekan.
Adolatli qaror bo‘lsin, aynan shu voqeada biron tomonning tarafini olmoqchi emasman, sud qarorini kutaman.
Biroq bu ishdan qatʼi nazar, zo‘ravonlik ko‘p, oshkor qilinmayotgan qancha holatlar bor, bilsangiz miyangiz portlaydi, odam chidolmaydi…
chunki isbotlash qiyin, kurashish qiyin, oxirigacha borish qiyin, oqibatlariga chidash qiyin…
bu og‘ir yo‘ldan yurishga kuchi yo imkoniyati yo‘qlarga ham yordam zarur!
Zo‘ravonlik deb tuhmat bilan qamalgan nechta odamni bilasiz???
Men zo‘ravonlikka duchor bo‘lganini aytmay yurgan necha qurbonlarni bilaman. Qamalgach, muddatning yarmini ham o‘tamagan ko‘plab zo‘ravonlarni bilaman…
Balki qurbonlar birlasharlar, shaxsi anonimlikni saqlagan holda klubmi, jamiyatmi qilib, bir-birlarini qo‘llab, dalda bo‘larlar.
Masalan, nogironlar jamiyati kabi… chunki zo‘ravonlik qurbonlari ham bir umrga majruh bo‘ladilar, bu chandiqni ko‘tarib bir umr yashaydilar…
Yoki hech bo‘lmasa anonim tarzda tibbiy, psixolok va boshqa yordam beradigan markaz kerakdir, qisqa raqamli qaynoq liniyasi bilan (IIV zo‘ravonlikka qarshi kurash tuzilmasi yoki ayollar reablitatsiya markazlarini aytmanglar, gap jinsiy zo‘ravonlik haqida ketyapti, qurbon va yaqinlari shaxsi oshkor bo‘lishini umuman istamaydi, qizlar ota-onasi, aka-ukalari bilishini istashmaydi hatto, ariza yozmay, ismini aytmay yordam so‘rash imkoni kerak!)
Faqat janjal, qarshi kurash emas, oqibatlar bilan kurashish tizimi haqida ham o‘ylash lozim.
Oqibatlarning eng kattasi va eng yomoni esa zo‘ravonlikka nisbatan bahssiz, mutlaq, yakdil toqatsizlikning yo‘qligidir.


