
Kecha Pokistondan oziq-ovqat va dori-darmonlar ortilgan bitta samolyot Kobulga, ikkitasi Qandahor va Xostga qo‘ndi.
Kobulga BAA, Bahrayn va Qatardan ham insonlarvarlik yordami yetib keldi.

“Tolibon” Turkmanistondan quruqlik orqali yana bir gumanitar yordam partiyasi kelganini xabar qildi.
BMT jahon mamlakatlarini Afg‘onistonda ochlik xavfi borligi haqida ogohlantirgan edi. Afg‘onistonliklarning yarmidan ko‘pi bugun to‘yib ovqatlanmaydi. Mamlakatda dori-darmonlar tanqisligi kuzatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, BMT Afg‘onistonga parvozlar tiklayotganini, mamlakatdagi 160 gumanitar tashkilot o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkinligini bildirdi.
Avvalroq “Tolibon” siyosiy ofisi raisi o‘rinbosari Sher Muhammad Abbos Stanekzay Qatarda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi vakillari bilan uchrashgani haqida xabar bergandik.
Nasiba To‘xtayeva


