
Afg‘onistonda harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi chuqur gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi mumkin. “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatga ajratilayotgan moliyaviy resurslar to‘xtab qoldi. Masalan, Yevropa Ittifoqi 1 milliard yevro miqdoridagi mablag‘ni muzlatib qo‘ydi, Jahon Banki yordam pullari berishni to‘xtatganini maʼlum qildi. AQSH Afg‘onistonga dollar jo‘natishni taqiqladi. Shuningdek, Vashington Kobulning Amerika banklaridagi zahiralarini muzlatib qo‘ydi.
Mablag‘lar ajratilishi to‘xtashi ikki xil holatni yuzaga keltirdi. Bir tomondan bu tolibonni katta moliyaviy vositalardan mahrum qildi. Ikkinchi tarafdan aksincha gumanitar vaziyatni og‘irlashtirdi.“Mamlakatda gumanitar halokatning barcha belgilari mavjud”, dedi BMT maxsus vakili Tomas Firbi. Hozirda Afg‘onistonda taʼlim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va taʼminot masalasida katta muammo vujudga kelgan.
Masalan, 2021 yilda qurolli to‘qnashuvlar tufayli 550 ming kishi yashash joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Ularning 70 foizi may-avgust oylarida qochqinga aylangan. Bundan tashqari, qurg‘oqchilik tufayli 3 million afg‘onistonlik aziyat chekmoqda. Baʼzi viloyatlarda, aksincha, suv toshqinlari oqibatida 28 ming nafar fuqaro qiyinchiliklarga duch kelgan.
Yuqoridagi omillar, pirovardida, oziq-ovqat yetishmovchiligini keltirib chiqarmoqda. Masalan, hozirda 9 yarim million afg‘onistonlik to‘yib ovqatlanmaydi. BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi hisobotiga ko‘ra, Afg‘onistonda hozirda 14 million aholiga ochlik xavf solmoqda. YUNISEF bu yil mamlakatda 1 million bola ochlikdan halok bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan. Butunjahon oziq-ovqat dasturi vaziyatni biroz bo‘lsa-da yumshatish maqsadida homiylardan qo‘shimcha 200 million dollar ajratishni so‘ragan.
“Covid-19” bilan bog‘liq vaziyat butunlay izdan chiqqan. Hozirda Afg‘onistonda 150 ming koronavirus holati aniqlangan. Mamlakatda PSR-testlar va shaxsiy himoya vositalari yetishmaydi. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda dori-darmon zahiralari bir haftaga yetadi.
Bularning bari misli ko‘rilmagan gumanitar inqirozdan darak beradi. BMT dunyo mamlakatlaridan Afg‘onistonga yordamni ko‘paytirishni so‘radi. Hozirda baʼzi davlatlar bunga rozilik bildirgan. Xususan, Germaniya afg‘on qochqinlariga 100 million yevro ajratadi. Yevropa Ittifoqi ham gumanitar yordamni 4 baravarga oshiradi va u 200 million yevroni tashkil etadi.
Ammo bu mablag‘lar vaziyatni tubdan o‘zgartira olmaydi. Buning uchun “Tolibon” tinch taraqqiyot yo‘liga o‘tishi shart. Shunda ajratilgan yordam pullari harbiy maqsadlarga sarflanmasligiga kafolat bo‘ladi.
Jahongir Qo‘ziyev


