Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonov Afg‘onistonda Alisher Navoiy yodgorligi buzib tashlanganiga munosabat bildirdi.
"Afg‘onistonda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildik. Ushbu masala yuzasidan Afg‘oniston hukumati vakillari bilan bog‘landik. Ularning taʼkidlashicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, nomaʼlum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosimizga zarar yetkazadi", — deb yozadi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Twitter'dagi rasmiy sahifasida.
Uning yozishicha, Afg‘oniston hukumati vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini maʼlum qilgan.


