Afg‘onistonda 21–23-yanvar kunlari davom etgan kuchli qor yog‘ishi va jala yomg‘irlar kamida 61 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yana 110 kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda Milliy tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (NDMA) ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofatlar natijasida mamlakat bo‘ylab 458 ta uy qisman yoki to‘liq vayron bo‘lgan. Eng ko‘p talafotlar infratuzilmasi zaif bo‘lgan tog‘li va chekka hududlarda qayd etilgan.
NDMA bayonotida aytilishicha, keltirilgan raqamlar dastlabki hisoblanadi. Hozirda turli mintaqalarda baholash va o‘rganish ishlari davom etmoqda, qurbonlar va zarar ko‘lami bo‘yicha ma’lumotlar yangilanishi mumkin.
Mutaxassislar Afg‘oniston qattiq qishki ofatlarga ayniqsa zaif ekanini, favqulodda vaziyatlarga tezkor yetib borish imkoniyatlari cheklangan hududlarda oqibatlar yanada og‘ir bo‘lishini ta’kidlamoqda. Rasmiylar aholini ehtiyot choralariga amal qilishga chaqirmoqda.


