Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda o‘zbek tilining qo‘llanilishiga cheklovlar joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor tarzda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Afg‘onistonlik rasmiylar esa bunday xabarlar haqiqatga mos emasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilidan foydalanishga hech qanday cheklov qo‘yilmaganini qat’iy tasdiqladi. Ular Afg‘oniston hukumati va xalqi o‘zbek xalqiga va uning tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida ta’kidladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini xabar berdi.
Shuningdek, Afg‘oniston hukumati oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari peshtoqlarini yagona standart bo‘yicha tartibga solish ishlari olib borilayotganini bildirdi. Bunda peshtoqlar mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida beriladi. Shimoliy hududlar, jumladan Samangan universiteti uchun esa istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida joylashtiriladi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston hukumati tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu qaror ikki mamlakat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida baholanmoqda.


