Afg‘onistonning Samangan viloyatining Aybak shahrida diniy maktabda yuz bergan portlashda 35 kishi halok bo‘lgan, 23 kishi jarohatlangan.
OAV xabarlariga ko‘ra, portlash qurbonlarining aksariyati maktab o‘quvchilaridir. Hozirda o‘lganlarning jasadlari binodan olib chiqilmoqda. Bundan tashqari, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish tartibi davom etmoqda.
Voqea peshin namozi vaqtida yuz bergan. Portlash sabablari hozircha aniqlanmagan.
"Tolibon Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Abdul-Nafi Thakur kamida 10 kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Shuningdek, u jinoyatchilarni topish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini maʼlum qilgan", - deyiladi xabarda.
Oxirgi haftalarda vaqti-vaqti bilan portlashlar ro‘y berdi, eng so‘nggida noyabr oyi boshida Afg‘oniston poytaxti Kobul g‘arbida hukumat xodimlarini olib ketayotgan avtobus portlatilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va olti kishi yaralandi.
Oktyabr oyida poytaxtdagi Ichki ishlar vazirligi binosida joylashgan masjidda sodir bo‘lgan portlashda 8 kishi halok bo‘lgan, 20 kishi jarohatlangan edi.
Shuningdek, shu oy boshida Kobul g‘arbidagi taʼlim markazida yirik xudkushlik hujumi sodir bo‘lib, 50 dan ortiq odam, asosan talabalar halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, sodir etilgan mazkur terrorchilik xurujini keskin qoralagan.
Xabarda “Jihodiya” madrasasida amalga oshirilgan qabih harakat ko‘plab insonlarning, asosan yosh talabalarning qurbon bo‘lishiga olib kelgani taʼkidlangan.
Shuningdek, bunday zo‘ravonlik harakatlari keskinlikning kuchayishiga sabab bo‘lishi, Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish, xususan, milliy kelishuvga erishishga to‘sqinlik qilishi qayd etilgan.
"Halok bo‘lganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiramiz, jarohatlanganlarning tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilaymiz", — deyiladi bayonotda.


