1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Afg‘onistondan AQSH harbiylari chiqarilishi ortidan 11 sentyabr voqealari takrorlanishi mumkin – senator Lindsi Grem

AQSH Respublikachilar partiyasidan senator Lindsi Gremning fikricha, Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqib ketlishi 11 sentyabrdagi kabi teraktlarning qaytarilishiga olib kelishi mumkin. Siyosatchi umri davomida hozirdagidek mamlakat uchun xavotir olmaganini aytib o‘tdi.

Afg‘onistondan AQSH harbiylari chiqarilishi ortidan 11 sentyabr voqealari takrorlanishi mumkin – senator Lindsi Grem

 

 

“Yana bir 11 sentyabr ehtimoli ortdi.  Bizning dronlarimiz bergan zarbalar ISHIDni yo‘qotolmaydi. Ularning jangarilari ikki barobarga ko‘paydi. Ittifoqchilarimizdan yuz o‘girdik va yangi 11 sentyabr uchun zamin yaratdik”, - degan senator.

 

 

Amerikalik askarlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi Janubiy Osiyodagi urush tugashini anglatmaydi. AQSH chiqib ketishi, buning ortidan siyosiy bo‘shliqning vujudga kelishi katta xavf tug‘diradi. Dastlab hammasi oddiy edi: markaziy hokimiyat quladi, uning o‘rnini Toliblar egalladi, yaʼni hokimiyat almashinuvi yuz berdi.

 

Ammo keyingi voqealar vaziyatning murakkab ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu ayniqsa, Kobul aeroportidagi teraktdan so‘ng yaqqol namoyon bo‘ldi.

 

Birinchidan, “Tolibon” qanchalik qudratli bo‘lmasin, ISHID  hujumlari oldida ojiz ekani ko‘rinib qoldi.

 

Ikkinchidan, bu Afg‘onistonda mavjud radikal va terrorchilik guruhlari o‘rtasida nizoning ifodasi bo‘ldi.

 

ISHID Afg‘onistonda mavjud bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilayotgan xavfli kuch. Mamlakatda “Tolibon” qanchalik katta taʼsirga ega bo‘lmasin, butun davlat hududini to‘liq nazorat qila olmaydi. Terrochi kuchlar ham aynan shu hududlarni o‘ziga makon qilmoqda. Afg‘onistonda ISHID kabi beqaror kuchning paydo bo‘lishi toliblarning hokimiyatni mustahkamlanishi uchun eng katta to‘siqdir.

 

Teraktdan bir kun o‘tib AQSH harbiy-havo kuchlari Nangarhor viloyatida ISHID marralariga zarba berdi. Nangarhor Pokiston bilan chegarada, qabilalar chizig‘i yaqinida joylashgan. Bu hudud azaldan markaz tomonidan qiyinchilik bilan nazorat qilinadi. “Al-Qoida” ham bir paytlar ana shu hududlarni makon qilgan edi.

 

Ammo Grem bir nuqtada haq-AQSH bu kabi zarbalar bilan ISHIDni yenga olmaydi. Iroq va Suriyada terrorchi tashkilotni kuchsizlantirish maqsadida butun boshli Xalqaro koalitsiya va mintaqa hamda global miqiyosdagi yirik kuchlarning ishtiroki zarur bo‘ldi. Afg‘onistonda hozirgi vaziyatda bu kabi operatsiyani amalga oshirib bo‘lmaydi. Bunga resurslar mavjud bo‘lsa-da, hech qaysi tomon yana qayta Afg‘onistonga kirishni xohlamaydi. “Tolibon” ham ushbu ssenariyga rozi emas.

 

Shunday vaziyatda baʼzi davlatlar “Tolibon” ni ISHIDga qarshi kuchaytirish zarur deb hisoblamoqda. Masalan, Rossiya toliblarni terrorchilarga qarshi kurashuvchi yirik kuch deb hisoblaydi. RF Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ham bir necha bor buni taʼkidlagan.

 

Ammo AQSHning Afg‘onistondan chiqib ketishi AQSHga bevosita xavf tug‘dirmaydi. Vashington 2001 yildan keyin terrorizmga qarshi kurashda juda katta tajriba orttirgan. Amerika shaharlari yaxshi nazorat qilinadi. Bundan tashqari mamlakatga kirish ham murakkablashgan, bunday sharoitda AQSHda yirik teraktlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Lekin AQSHning turli davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va harbiy bazalariga hujum uyushtirish ehtimoli saqlanib qolmoqda.

 

2001 yil 11 sentyabrda Nyu-York va Vashingtondagi falokat ortidan AQSH Afg‘onistonga qo‘shin kiritadi. Terakt oqibatida minglab insonlar halok bo‘lgan. Vashington portlashda asosiy aybdor guruh sifatida “Al-Qoida” ni ko‘rsatgan edi.

 

 

Jahongir Qo‘ziyev

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика