Afrosiyob elektropoyezdida soxta chiptalar bilan harakatlangan yo‘lovchilar aniqlandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabar bermoqda.
Holat joriy yilning 4 may kuni 766-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdining Toshkent — Samarqand — Buxoro yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezdda sodir bo‘lgan. Maʼlum bo‘lishicha, chiptaga elektron tarzda boshqa shaxslarning maʼlumotlari kiritilgan holda qalbakilashtirilib, bir nechta fuqaro harakatlangan.
“Mazkur holatda yo‘lovchi poyezdlarda xizmat tekshiruvlarini o‘tkazishda tegishli mutaxassislar jalb qilinib, yo‘lovchi poyezdlarda firibgarlik yo‘li bilan harakatlanadigan yo‘lovchilarga qonunda belgilangan choralar ko‘rilishini eslatib o‘tamiz”, — deyiladi xabarda.


