Ijtimoiy tarmoqda Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi 9-maktab direktori o‘qituvchilarni “Tashabbusli budjet” uchun ovoz to‘plashga majburlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi U.Tillayev tomonidan tegishli masʼullar bilan birgalikda zudlik bilan atroflicha o‘rganib chiqilgan.
O‘rganish davomida mazkur videoyozuvdagi ovoz Navbahor tumanidagi 9-umumtaʼlim maktabi direktori D.Turobovaga tegishli ekani aniqlangan va unga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.
Hozirda holat vakolatli organlar tomonidan maktab direktori D.Turobovaning xatti-harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda. Vaziyat yuqori turuvchi va vakolatli organlar tomonidan nazoratga olingan.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoxabarda direktor majlisda o‘qituvchilarning har biri “Tashabbusli budjet” uchun 100 tadan ovoz to‘plashi kerakligini aytgan.
“Agar shuni yutolmasam, hammaning qonini ichaman, hammang millionlab oyligingni qo‘yasan”, — deya taʼkidlagan u.


