Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 7 iyun sanasida Vazirlar Mahkamasining “Aktuariy malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 305-sonli qarori qabul qilindi. Tasdiqlangan Reglamentga muvofiq, bir oy muddatda mazkur davlat xizmatini ko‘rsatish YAIDXP orqali joriy etiladi.
Bunda, daʼvogar aktuariy malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YAIDXP da ro‘yxatdan o‘tib, elektron shaklda murojaat etishi mumkin.
Daʼvogarning aktuariy malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Aktuariy malaka sertifikatini berish bo‘yicha vakolatli organ – Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi daʼvogarning murojaati kelib tushgan kundan boshlab o‘n kun muddatda daʼvogarga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Malaka imtihoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:
test sinovi – uch akademik soat davomida kompyuter orqali;
imtihon biletlari bo‘yicha yozma va og‘zaki imtihon – masalalarni yechish va og‘zaki javobga tayyorlanish uchun uch akademik soat beriladi.
Vakolatli organ malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan daʼvogarlar uchun belgilangan tartibda QR-kod qo‘yilgan aktuariy malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni o‘z ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki daʼvogarga YAIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
Aktuariy malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan besh yil muddatga beriladi.
Maʼlumot uchun: Aktuariy malaka sertifikati – jismoniy shaxsga, agar ushbu shaxs aktuar tashkilot shtatida yoki u bilan aktuar tashkilot o‘rtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan bo‘lsa, aktuar xizmatlar ko‘rsatish huquqini beruvchi hujjat.


