O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VI Kongressi doirasida, Malayziyaning Kuala–Lumpur shahridagi Islom sanʼati muzeyi Al-Buxoriy fondining bebaho o‘zbek kolleksiyasiga bag‘ishlangan kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Bular: o‘rta asrlardagi Buxoro va Samarqandning manuskriptlari, Buxoroning tilla zargarlik buyumlari, o‘zbek xonliklari aholisining mashhur abr matolari va kiyim-kechaklari namunalari, shuningdek, musulmonlar renessansi (IX–XII asrlar) Samarqand (Afrosiyob) va Buxoro xonligi (XVIII asr) davrida yaratilgan kulolchilik buyumlaridir.
Albomda ushbu to‘plamning eng yorqin qismi – O‘zbekiston shaharlarida yaratilgan Qurʼonlar va qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, qurol-yarog‘lar, qimmatbaho buyumlar hamda taqinchoqlar, numizmatika taqdim etiladi. Albomda taqdim etilgan eng nodir artefakt VII–VIII asrlarga oid so‘g‘diyona shoyi chopondir.
Albomda, shuningdek XII–XIII asr boshlariga tegishli eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri- Al-Jurjoniyning “Ad-Zahira al-Xorazmshohiya” yoki “Xorazm shohi xazinalari” asari ham taqdim etiladi. Qo‘lyozma xorazmshohlar poytaxti — Xivada yaratilgan bo‘lib, bu sulola tarixiga bag‘ishlangan.
O‘zbekistondan topilgan osori-atiqalar to‘plami ilk bor, bir nashrda keng ommaga taqdim etilmoqda.
Malayziya Islom sanʼati muzeyi Kuala-Lumpurdagi eng yirik muzeylardan biridir. U 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shahar markazida, islom meʼmorchiligi uslubida Milliy masjid yaqinida, maxsus qurilgan to‘rt qavatli binoda joylashgan.
Kitobni yaratish — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamizki, loyiha Eriell Group xalqaro neft xizmatlari kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Kitob-albom O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining 2022 yil yozida bo‘lib o‘tadigan VI Kongressida taqdim etiladi.


