Albaniyada hukumatning yangi tarkibi taqdim etilgan parlament yig‘ilishida noodatiy voqea yuz berdi. Sun’iy intellekt texnologiyasi asosida yaratilgan birinchi virtual vazir — Diella parlament minbaridan nutq so‘zlagach, sessiya tartibsizliklarga aylanib ketdi. Bu haqda Albanian Times xabar berdi.
18-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir Edi Rama tomonidan taqdim etilgan hukumat tarkibi 82 nafar deputat tomonidan ma’qullandi. Shundan so‘ng yig‘ilishni yopiq deb e’lon qilgan spiker Nikо Peleshi chiqish tartibini yakunladi. Biroq davlat xaridlariga mas’ul vazir sifatida tayinlangan virtual shaxs — Diella nutqi boshlanishi bilan muxolifat keskin norozilik bildirdi.
Deputatlar stol ustiga urib, yig‘ilishni izdan chiqarishga urindi, ayrimlari esa konstitutsiya kitoblari va suv idishlarini hukumat a’zolariga uloqtirdi. Bu paytda zalda bo‘lgan xorijiy diplomatlar ham vaziyatni yumshata olmadi.
Diella o‘z chiqishida konstitutsiyaga zid ravishda tayinlanmaganini ta’kidladi va faoliyatiga erta hukm chiqarilmasligini so‘radi. Shuningdek, u davlat boshqaruvida samaradorlik va shaffoflikni oshirishga hissa qo‘shishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, 12-sentabr kuni Albaniya hukumati tarixiy qaror qabul qilib, sun’iy intellekt asosidagi virtual modelni davlat xaridlarini boshqaruvchi vazir etib tayinlagan edi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur tajriba mamlakat siyosiy hayotida yangi bosqichni boshlab bergan bo‘lsa-da, muxolifatning keskin reaksiyasi uning istiqboliga shubha tug‘dirmoqda.


