Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat Yakkabog‘ tuman bo‘limi ish yurituvida aliment bilan bog‘liq 2 mingdan ortiq ijro hujjatlari mavjud.
Davlat ijrochilarining saʼy-harakatlari bilan yil boshidan 33 nafar aliment to‘lovchi va oluvchilar o‘zaro yarashtirildi.
Shuningdek, masʼuliyatni his qilmagan va farzandlari uchun aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamay kelayotgan otalarga nisbatan doimiy taʼsir choralari ko‘rib borilmoqda. Joriy yilning 24 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan sayyor sud tartibida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan qarzdorlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.
– Jumladan, Yakkabog‘ tumani Qovchin qishlog‘ida yashovchi qarzdor fuqaro J.Qurbonov 9 yillik turmushi davomida 2 nafar farzandli bo‘lgan. Bir necha oy oldin oilaviy nizolar bilan uyidan ketgan turmush o‘rtog‘i, aliment undirish maqsadida sudga murojaat qilgan, – deydi MIB Yakkabog‘ tuman bo‘limi boshlig‘i Qodir Karimov. – Sudning qarori chiqqan bo‘lsa-da, qarzdor biror marotaba aliment pullarini to‘lab bermagan. Shu sababli, sud tomonidan unga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi berildi. Shuningdek, qarzdor O.Islomov sobiq turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchiliklar sabab, atigi 2 oy birga yashagan. Turmushi davomida bir nafar farzandli bo‘lgan. Ammo qarzdor 5 oydan buyon o‘z farzandi uchun aliment pullarini qasddan to‘lamay kelgan. O.Islomov sud oldida turli xil bahonalarni ro‘kach qilishga uringan bo‘lsa-da, unga ham qonun o‘z so‘zini aytdi va u ham 15 sutkaga qamaladigan bo‘ldi.
Shu kuni, ana shunday o‘z farzandining moddiy taʼminotini o‘ylamagan otalarning 11 nafariga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47/4 moddasiga asosan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi berildi.


