Andijonda farzandining moddiy taʼminotidan bo‘yin tovlab yurgan qarzdor ota xolasining uyidan topildi. Bu haqida Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon shahrida yashovchi fuqaro J.Yu. turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan. Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, undiruvchi M.Yu. foydasiga bir nafar farzandi uchun har oyda aliment to‘lash belgilangan.
Mazkur hujjat Byuroning Andijon shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro harakatlari olib borilgan. Ota aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamay kelgani uchun 2023 yilning avgust oyida maʼmuriy javobgarlikka ham tortilgan.
J.Yu. shundan so‘ng ham voyaga yetmagan farzandi uchun mablag‘ni qizg‘anib, aliment to‘lamay kelgan va qarzdorlik salkam 13 mln so‘mdan ortib ketgan. Bundan tashqari, yashash manziliga kelmasdan yashirinib yurishni odat qilgan.
Shundan so‘ng unga nisbatan davlat ijrochisi tomonidan qidiruv eʼlon qilingan. Natijada aliment to‘lashdan yashirinib yurgan ota Buloqboshi tumanida yashovchi xolasining uyida yashirincha yashab kelayotgani maʼlum bo‘lgan.
Belgilangan tartib bo‘yicha qidiruvdagi shaxs davlat ijrochisiga topshirilgan va byuroning Andijon shahar bo‘limi tomonidan qarzdor J.Yu.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


