
«Sohadagi tizimli muammolar hal qilinmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov lavozimidan ozod etildi», deyiladi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bergan xabarda.
Qayd etilishicha, videoselektor yig‘ilishi tanqidiy ruhda kechmoqda.
Ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi muammolarni ko‘rsatib o‘tdi.
Bu yo‘nalishga masʼul bo‘lgan Ekologiya qo‘mitasi, boshqa idoralar va mahalliy hokimliklarning tashabbus va amaliy ishlari ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori meʼyordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.
Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yo‘g‘i 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Farg‘onadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.
-
Maʼlumot uchun, Alisher Maqsudov 2020 yil dekabrida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangandi. U 2017 yildan 2020 yilgacha “O‘zpaxtasanoat” AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.


