“Milliy tiklanish” DP Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Davron Kabulovning konsert uchun taklifi yuzasidan fikr bildirdi.
“Million” jamoasi sardori uni may oyida bo‘lib o‘tadigan yangi konsert dasturiga taklif qilgan. Qodirov esa bu uchun vaqt ajratishini maʼlum qilgan.
“Davron Kabulov, taklif uchun rahmat. May uchun, albatta, rejalashtiraman. Nima uchun “Million”ni tomosha qilish kerak? Xalq va hokimiyat o‘rtasidagi muloqot doim ham ochiq va samimiy bo‘lavermaydi. Buni tan olish kerak. Azaldan bu kelishmovchilikni hal qilishda hazil-mutoyibaning ahamiyatli o‘rni bo‘lgan va hozir ham shunday. Odamlarning yuzingizga aytavermaydigan tanqid va tanbehlarini hazil orqali bilib olishda foyda ko‘p”, – deya yozgan Alisher Qodirov.
Deputatning taʼkidlashicha, u “Million”chilarni mushtarak maqsadlar uchun partiya safiga taklif qiladi:
“Jamiyatni o‘zgartirish har birimizning o‘zgarishlarimizdan boshlanadi. Milliy tiklanishimiz sizlarning ishtirokingizda yana-da jadalroq bo‘lishiga ishonaman. “Million” bu million ekaniga shubha yo‘q. Faqat birmi yoki o‘ttiz beshmi? Qancha ko‘p bo‘lsak va O‘zbekiston uchun birlashtira olsak shuncha tezroq o‘zgaramiz va rivojlanamiz”.
Avvalgi “Million”ning konsert dasturi orqali Alisher Qodirovning migrantlarga soliq joriy qilish taklifini sahnaga olib chiqilgan edi.


