Prezident farmoni bilan Sultonov Alisher Saidabbasovich prezidentning energetika xavfsizligi bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Farmonning boshqa tafsilotlari, jumladan, mazkur qarorning sabablari hamda keyingi tayinlovlar yuzasidan ma’lumotlar hozircha oshkor etilmadi.
Ma’lumot o‘rnida, Alisher Sultonov 1967-yilda tug‘ilgan. U 1989-yilda A.F. Mojayskiy nomidagi harbiy-muhandislik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1996-yilda neft-gaz sanoatida boshlagan.
2002–2013-yillarda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” unitar sho‘ba korxonasiga rahbarlik qilgan. 2013–2015-yillarda “O‘zbekneftgaz” AJda Prognozlashtirish, resurslar va investitsiya dasturlari bosh boshqarmasi boshlig‘i — boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, 2015–2018-yillarda esa jamiyat boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2017–2019-yillarda bosh vazir o‘rinbosari — geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari bo‘lib ishlagan.
2019-yil fevralidan 2022-yil apreliga qadar energetika vaziri lavozimini egallagan. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, u mazkur lavozimni sog‘lig‘i sababli tark etgan.
2023-yilda Alisher Sultonov prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan. 2025-yil iyul oyidan esa prezidentning energetika xavfsizligi bo‘yicha vakili lavozimida faoliyat olib borib kelayotgan edi.


