Amerika–Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
Yigʻilishda AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor ham ishtirok etdi. Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasidagi muhokamalar samarali, ochiq va istiqbolga yoʻnaltirilgan ruhda oʻtgani taʼkidlandi.
Saida Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, oldinda ikki mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarda keng koʻlamli va mazmunli hamkorlik ishlari turibdi. Ushbu kengash Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Maʼlum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-noyabrdagi farmoniga muvofiq ushbu kengash tashkil etilgan. Unga AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor hamrais etib tayinlangan.
Shuningdek, 5-fevral kuni Saida Mirziyoyeva Qozogʻiston parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuv oʻtkazib, parlamentlararo hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar hamda madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi.


