7-noyabr kuni “Ayaks” va “Makkabi Tel-Aviv” futbol jamoalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tdi. Ediot Axronot gazetasining xabar berishicha, o‘yindan oldin Isroil klubi muxlislari ko‘chada osilgan Falastin bayrog‘ini olib tashlashgan. Amsterdam politsiyasining maʼlumotlariga ko‘ra, buni kim qilgani hozircha aniqlanmagan.
O‘yindan so‘ng isroilliklarga shaharning bir necha joyida hujum uyushtirildi. Ular Falastin tarafdori shiorlarni baqirib aytishgan. Ularning baʼzilari pichoq bilan qurollangan edi. Voqea joyiga politsiya xodimlari yetib keldi. Kamida 12 kishi jarohatlangan, 57 kishi politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Isroil Milliy xavfsizlik kengashi Amsterdamdagi o‘z fuqarolariga mehmonxonalarda qolishni maslahat berdi. Ediot Axronot gazetasining yozishicha, hujumchilar mehmonxonalarga ham bostirib kirishga urinishgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil fuqarolariga yordam ko‘rsatish uchun Niderlandiyaga ikkita qutqaruv samolyotini yuborishni topshirdi.
AQSHning antisemitizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili Debora Lipshtadt hujumlarni qoralab, ular "klassik pogromni dahshatli tarzda eslatishini" taʼkidladi.
"Isroil Tashqi ishlar vazirligi rahbari Gideon Saar Tel-Avivdagi “Makkabi” klubi muxlislariga qilingan hujumdan so‘ng Niderlandiyaga shoshilinch tashrif bilan yo‘l olmoqda", deb xabar bermoqda Ynet.


