Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Elyorbek Karimov va uning yordamchisi noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan shahar hokimi munosabat bildirdi.
Karimovning aytishicha, tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. “Soppa-sog‘man, bunaqa holat bo‘lmagan. Hayronman, bu gap qayerdan chiqdi va kimga kerak bo‘ldi? Hozir ish jarayoni davom etyapti, faoliyatimizni olib boryapmiz. Bu ma’lumot yolg‘on”, dedi u.
Hokimning qo‘shimcha qilishicha, ushbu xabarlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza berilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vakolatli idoralar holatni o‘rganmoqda va yolg‘on axborot tarqatgan shaxslar aniqlanib, qonuniy choralar ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, Elyorbek Karimov 2025-yil aprel oyida Andijon shahar hokimi etib tayinlangan. Ushbu lavozimga qadar u Izboskan tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.


