Andijonda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tadbir chog‘ida 1987-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro o‘z yashash uyida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Tekshiruv jarayonida uyidan turli turdagi narkotik moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dorilar, ularni tayyorlashga mo‘ljallangan jihozlar va qadoqlash uchun mo‘ljallangan buyumlar, shuningdek, to‘rt telefon va bir dona noutbuk daliliy ashyo sifatida olindi.
Noutbukda mijozlarga moddalarni yetkazib berish uchun boshqarilgan uchta Telegram-bot, shuningdek, uy sharoitida narkolaboratoriya tashkil etishga oid materiallar borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi va daliliy ashyo ekspertizaga yuborildi. Uning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.


