Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi yo‘l-patrul xizmati maskanida tezkor tadbir amalga oshirildi.
"Andijon – Toshkent" yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda to‘xtatilib tekshirilganda, uni boshqarib ketayotgan, Andijon shahrida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan J.R.ga tegishli 2 kg 994 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davomida uning jinoyiy sherigi sifatida 1993-yilda tug‘ilgan G‘.N. ham qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlardan 23 ming AQSh dollariga sotib olingan va kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga olib kelingan giyohvandlik vositasini Toshkent shahrida sotishni rejalashtirgan.
Ayni paytda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarning o‘tkazilishi...) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.


