Andijon viloyatining Asaka tumanida 36 yoshli maktab o‘qituvchisi turmush o‘rtog‘i tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Zamon.uz'ga maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 27 yanvar kuni soat 15:30 larda Asaka tumanidagi maktab binosida shu maktabda ishlovchi O.U. birga ishlovchi turmush o‘rtog‘i O.M. bilan kelib chiqqan oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida yonida olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan ayoliga bir necha marotaba tan jarohati yetkazib, qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, O.U. Asaka tumani,Qo‘ng‘irot MFY Uzun ko‘chasidagi yashash xonadoniga qaytib kelib, ushbu xo‘jalik pichog‘i bilan o‘zining qorin sohasiga bir necha marotaba urib, o‘z joniga suiqasd qilganida akasi N.O. ko‘rib qolib, shifoxonaga olib borgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


