O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda taʼlimga oid qilinadigan ishlar xususida aytib o‘tdi. “Kelgusi yillarda bog‘cha yetarli bo‘lmagan 131 ta mahallada 1,5 mingta davlat va xususiy bog‘chalar barpo etiladi, 210 ta bog‘chaning quvvatlari oshiriladi. Natijada qo‘shimcha 90 ming bolajonlarimiz uchun maktabgacha taʼlim imkoniyatini yaratib, qamrovni 100 foizga yetkazamiz. Kelgusi yetti yilda maktab mavjud bo‘lmagan 25 ta mahallada jami 20 ming o‘rinli yangi maktablar barpo etiladi. Shuningdek, 150 ta maktabda qo‘shimcha o‘quv binolari qurish hisobiga, 80 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Kelgusi yillarda Andijon davlat universitetida 2 ming o‘rinli, Andijon chet tillari institutida 1 ming o‘rinli, Andijon tibbiyot institutida 1 ming o‘rinli yangi o‘quv binolari barpo etiladi. Ilmga chanqoq viloyat yoshlari uchun 6 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularda 30 dan ortiq yangi yo‘nalishlar ochiladi. Bular hisobidan, oliy taʼlimda qamrov hozirgi 30 foizdan 50 foizga yetkaziladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.