Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida nomaʼlum erkakning yongan jasadi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 9-may kuni Hindistondan O‘zbekistonga kelgan Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan 2002 yilda Hindistonda tug‘ilgan talaba qizni oldiga kelib, unga turmush qurish istagida kelganligini bildirgan va institut yaqinidagi mehmonxonada yashab kelgan.
Qizdan rad javobini olganidan so‘ng uning ruhiyatida o‘zgarish bo‘lib, Hindistonlik boshqa talabalarga endi hayotning qizig‘i yo‘qligi, o‘z joniga qasd qilishi haqida aytib kelgan va “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi istirohat bog‘i hududiga kiruvchi adirlikda nomaʼlum suyuqlik yordamida o‘zini yoqib, voqea joyida vafot etgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, marhumning tanasi va ichki aʼzolarida biror bir ko‘rinishdagi tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hozirda sud-tibbiy, sud-kimyoviy va sud-biologik ekspertizalari tayinlangan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Tergov o‘tkazish yo‘li bilan qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi”, — deyiladi xabarda.


