Andijon viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi xodimi hamda universitet menejeri pora olish holati bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma'lumot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, IIB xodimi sinov imtihonlaridan past baho olgan kursdoshiga dekan orqali imtihonlarni qayta topshirmasdan turib, yuqori baholar qo‘yib berishni va’da qilgan. Ushbu “xizmat” evaziga u 2 million 700 ming so‘m talab qilgan. Talaba mazkur holat yuzasidan Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasiga murojaat qilgan.
Tezkor tadbir davomida IIB xodimi pulni olayotgan paytda ushlangan. U ushbu ishga aloqador yana bir shaxs borligini ma’lum qilgan. Aniqlanishicha, 2001-yilda tug‘ilgan, universitetda menejer lavozimida ishlovchi fuqaro baholarni qo‘ydirib berishda vositachilik qilgan.
Universitet menejeri ham 2 million 500 ming so‘m porani olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Hozirda holat yuzasidan qonuniy tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.


