Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-umumta’lim maktabida o'qituvchilarning ta’mir ishlariga jalb etilgani aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, video tasvirlangan sana — 2024-yil 2-avgust kuni bir guruh o‘qituvchilar tomonidan maktab hududida hashar tarzida beg‘araz mehnat faoliyati amalga oshirilgan. Garchi jamoa a’zolari bu ishda ixtiyoriy qatnashganini bildirgan bo‘lsa-da, ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan ularning asosiy vazifasidan chetga chiqqan ishlarni bajarish holati oldindan baholanmagan.
Shu munosabat bilan, 42-maktab direktori Z.M. xizmat vazifalarini lozim darajada bajarilmaganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, ushbu ta’lim muassasasi 1982-yilda foydalanishga topshirilgan, 2005-yilda joriy ta’mirlangan. So‘nggi ikki yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali 2,4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ o‘zlashtirilib, maktabda sport maydoni qurildi va old qismi modernizatsiya qilindi.
Bugungi kunda mazkur maktabda 1 236 nafar o‘quvchiga 74 nafar pedagog ta’lim bermoqda.


