Maʼlum bo‘lishicha, qotillika qo‘l urgan shaxs 2020-yilda bosh miya qon tomiri kasalligi bilan og‘rigan va viloyat psixonevrologiya dispanseri hisobiga olingan. Shundan so‘ng, u yerda statsionar tartibda davolanib, akasi va yangasi bilan bir uyda yashab kelgan. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishib chiqdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, aka va uning xotini ukasiga ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirish haqida aytgan. Sudlanuvchi A.B. bundan nafratlanib, ularni o‘ldirish payiga tushgan.
Mudhish voqea 2025-yil 18-oktabr kuni Andijon shahri “Cho‘lpon yuz yilligi” MFYda yuz bergan. Uka hovlida turgan boltaning kesuvchi qismi bilan akasining boshiga zarba berib, o‘limiga sababchi bo‘lgan. So‘ngra, u uyda yashirinib olgan yangasini o‘ldirish uchun eshik oynasini sindirgan va o‘sha paytda bolta sopidan chiqib ketgan. Shundan keyin uka bolg‘a bilan uyga kirib, yangasining boshiga bir necha marotaba urgan. Ayol xonadan tashqariga chiqib, atrofdan yordam so‘ragan. Qo‘shni ayol yordamga kelib, A.B.ning qo‘lidagi bolg‘ani olib qo‘yishga erishgan.
Sudga oid psixiatriya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchi A.B. jinoyat sodir etayotgan paytda o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan. Shuningdek, xulosada to‘g‘ri ko‘rsatuv berish, guvohlantirish va boshqa tergov hamda sud harakatlarida ishtirok etishga qodir emas deb topilib, Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolanish tavsiya etilgan.
Sudda marhumning o‘g‘li M.B. ko‘rsatma berib, amakisi 2006-yildan buyon ruhiy kasallik bilan og‘rib kelishini bilishini, sudlanuvchiga qonuniy javobgarlik belgilashni, moddiy yoki maʼnaviy zararlar bo‘yicha daʼvosi yo‘qligini bildirgan.
JIB Andijon shahar sudining 18-dekabrdagi ajrimi bilan, sudlanuvchi A.B. jinoyatni aqli noraso holatda sodir etgan deb topilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi. Shuningdek, A.B.ning Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy tartibda davolanishi belgilandi.


