Andijon shahrida noodatiy yo‘l harakati holati kuzatildi. 26-yanvar kuni Milliy tiklanish ko‘chasidagi Bo‘ston chorrahasida Matiz va Nexia-2 rusumli avtomobillar haydovchilari svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab, mashinadan tushgan holda yo‘l o‘rtasida salomlashib ketgan. Hatto chiroq yashil rangga o‘tgach ham ular harakatni davom ettirmagan. Bu haqda viloyat YHXB ma'lum qildi.
Natijada ushbu avtomobillar ortida turgan Spark haydovchisi yo‘l to‘silib qolgani sabab qarama-qarshi yo‘nalish bo‘lagiga chiqishga majbur bo‘lgan. Shu paytda u maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish moslamalari orqali qoida buzgan sifatida qayd etilib, BHMning 10 barobari — 4 million 120 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.
Andijon viloyati YHXB tomonidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruvlar davomida Matiz va Nexia-2 haydovchilari aniqlanib, ular yo‘l harakati qoidalarining 31- va 91-bandlarini buzganlikda aybdor deb topildi. Ularga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi.
Viloyat YHXB axborotiga ko‘ra, Spark haydovchisiga yozilgan jarima bekor qilinmagan. Biroq Matiz va Nexia-2 haydovchilari ushbu jarimani o‘z hisobidan to‘lab berishga rozi bo‘lgan. Ular yo‘l o‘rtasida ko‘rishib ketish noto‘g‘ri bo‘lganini tan olib, boshqa haydovchidan yetkazilgan noqulaylik uchun uzr so‘rashgan.


