Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 11-maktabda o‘quvchining tayoq bilan kaltaklangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik aniqlanishicha, bolaga zo‘ravonlik qilgan shaxs mazkur maktab direktorining o‘rinbosari bo‘lgan.
Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, pedagog va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlarga zid bo‘lgan ushbu harakat uchun direktor o‘rinbosariga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Shu bilan birga, vazirlik holat yuzasidan o‘rganish ishlari davom etayotganini bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 23-yanvar kuni soat 10:00 atrofida maktab hududida sodir bo‘lgan. Videolavhada direktor o‘rinbosari A.Q. o‘quvchilarni darsga kiritish jarayonida maktab yoshidagi bolaga qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni urayotgani aks etgan.
So‘nggi vaqtlarda ta’lim muassasalarida zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar ko‘payib borayotgani jamoatchilikda xavotir uyg‘otmoqda. Avvalroq Toshkent viloyatida o‘qituvchi o‘quvchini kitob bilan urgani uchun ishdan olingan, Surxondaryo viloyatida esa pedagog o‘quvchini urib, uning yelkasini sindirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.


