Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi paxta tayyorlash punktlarining birida xirmonga uyilgan paxtalar yonib ketgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
16 oktyabr kuni Baliqchi tumani «Nasriddinobod» MFYda joylashgan «Tetratex» MCHJga qarashli paxta qabul qilish maskanida 12 kg paxta xom-ashyosi yonib ketgan.
Yong‘in elektr kabellaridagi nosozlik tufayli qisqa tutashuv kelib chiqishi natijasida yuzaga kelgan.
Yong‘in natijasida Andijon-36 navli 1 sort 2 sinfga kiruvchi paxtaning yuza qismi yongan, «Tetratex» MCHJ rahbari tomonidan tadbirkorga mahsulotga yetkazilgan zarar aniqlanib, to‘liq qoplab berilgan.


