Joriy yilning 11-fevral kuni soat 23:55 da Andijon shahri “Nodirabegim” MFY hududida joylashgan ko‘p qavatli turar joy xonadonlaridan birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Xabarga asosan viloyat FVB rahbariyati va qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan. Bu haqda Andijon viloyati FVB matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa joyiga Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abdurahmonov ham yetib kelib, vaziyatni shaxsiy nazoratiga olgan.
Chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqmagan hamda boshqa xonadonlarga zarar yetmagan. Hozirda hodisa sabablari tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.
Hodisa oqibatida 2 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Ayni paytda hodisa sodir bo‘lgan xonadonda ta’mirlash ishlari boshlangan. Mazkur uyda yashovchi fuqarolar ta’mirlash ishlari yakunlangunga qadar vaqtincha mehmonxonaga joylashtirilgan.


