BMTning Ezgu niyat elchisi sanalgan Anjelina Joli Ukraina, Afg‘oniston, Mali va boshqa bir qator mamlakatlardan bo‘lgan qochqinlar bilan uchrashdi.
Ular bilan birga kechki tanovul ustida suhbat qurgan aktrisa “yangi do‘stlarim” deb atagan qochqinlar o‘z vatanlarini harbiy harakatlar, ochlik, taʼqib tufayli tark etishganini aytgan. Ular orasida Misr, Kot-divuar, Kongo, Kurdiston, Nigeriya va Gambiya fuqarolari ham bo‘lgan.
Tadbir BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi, “Save the Children Italia” fondi va Joel Nafum nomidagi qochqinlar markazi ko‘magida tashkil etildi. Anjelina Joli qochqinlarga ajratilgan vaqt va hayotiy hikoyalar uchun minnatdorlik bildirgan.
Gollivudning taniqli aktrisasi yaqindagina faol harbiy harakatlar davom etayotgan Ukrainada bo‘lib qaytgan, avvalroq esa Afg‘oniston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlagan edi.


