Turkiya poytaxti – Anqara shahrida Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasining 100 yilligi munosabati bilan turkiy tilda ijod qilayotgan 100 nafar shoir, yozuvchi, adabiyotshunos taklif etilgan ekan. Ushbu ijodiy-amaliy qurultoy Adabiyot va sanʼat asarlari mualliflari uyushmasi – ILESAM tomonidan amalga oshirildi. Ushbu tashkilot Turkiya Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan. U adabiyot, sanʼat sohasida faoliyat yuritayotgan yozuvchi, shoir va olimlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish hamda targ‘iboti bilan shug‘ullanadi. Uyushma Madaniyat va turizm vazirligi bilan hamkorlikda ishlaydi. Uning 3500 dan ortiq aʼzosi bor.
ILESAM Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi homiyligida tayyorlagan Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani loyihasida Ozarbayjon xalq yozuvchisi Onor, Qozog‘iston xalq shoiri Ulug‘bek Yesdaulet, Qirg‘iz xalq shoiri Xo‘jageldi Kultegin, turkiyalik yozuvchi Yoqub Umar o‘g‘li, makedoniyalik shoira Leyla Sharif, eronlik shoira va tarjimon Rukai Kabir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid kabi taniqli ijodkorlar ishtirok etdi.
Anqara Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan ijodiy-amaliy anjuman ishtirokchilari besh guruhga bo‘linib, besh xil mavzuda ish olib bordi. Bular quyidagilar:
Turkiy dunyoda umumiy til va alifbo: muammolar va yutuqlar;
Turkiy dunyo taʼlimi, madaniyati, sanʼati va adabiyotidagi birlik va hamjihatlik: faoliyat va takliflar;
Turkiy dunyo adabiyot va sanʼatida mualliflik huquqi muammolari va ko‘chirmakashlikka qarshi kurash choralari;
Kitob va kitobxonlik madaniyati, umumiy tildagi nashrlar va tarjima muammolari;
Umumturkiy adabiyot, qiyosiy adabiyot, adabiy janrlar targ‘iboti va ijodkor va adabiyotshunoslarning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligi.
ILESAM hamda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi, TIKA (Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi), YTB (Xorijdagi turkiy qardosh jamiyati), AYK (Otaturk nomidagi oliy madaniyat, til va tarix instituti), Turkiya tarix instituti, Turk tili instituti, TURKSOY kabi tashkilotlar hamkorligida o‘tgan Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani taassurotlarga boy bo‘ldi.
Turkiy dunyo adiblarining 5-anjumani taklifi bilan navbatdagi tadbir ikki yildan so‘ng O‘zbekistonda – Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.


