BMT Bosh kotibi Misr tashqi ishlar vaziri Sameh Shukriy bilan Qohirada o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
"Men insonparvarlik missiyasi bilan Yaqin Sharqdaman. Mintaqa chuqur inqirozga yuz tutdi: 7 oktyabr kuni Isroilda va butun dunyoda ko‘p sonli tinch aholi halok bo‘lgan, yaralangan va o‘g‘irlab ketilgan dahshatli terror hujumlari sodir bo‘ldi", — dedi Antoniu Guterrish.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, HAMAS hujumi va odamlarni garovga olish Isroil G‘azoni to‘liq qamal qilishi va "uzluksiz bombardimon kampaniyasini" boshlashiga olib keldi. Bu esa tinch aholi, jumladan, ayollar, bolalar, jurnalistlar va gumanitar tashkilotlar, shuningdek, BMT xodimlari o‘limi sonining tobora ortib borishiga olib keldi.
Guterrish Falastin xalqining o‘nlab yillar davom etgan istilodan so‘ng “qonuniy va asosli shikoyatlari” borligini taʼkidladi.
"Ammo bu shikoyatlar qanchalik jiddiy bo‘lmasin, ular bunday dahshatli teraktlarni oqlay olmaydi. Bu hujumlar, o‘z navbatida, Falastin xalqini jamoaviy jazolash uchun asos bo‘lmaydi", — BMT bosh kotibi.
Bosh kotibining eslatishicha, G‘azo aholisi qariyb ikki hafta davomida oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarsiz qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoning tinch aholisi tashqi yordamga o‘ta muhtoj hamda to‘siqsiz, juda tez insonparvarlik yordamini talab qiladi.
"Men Misrda BMTning G‘azo xalqi hayotini saqlab qolish uchun keng ko‘lamli yordam ko‘rsatishga tayyorgarligini kuzatish uchun keldim. Al Arish aeroporti va Rafah o‘tish joyi G‘azo aholisi uchun yagona umid manbai bo‘lib qolmoqda", — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misr va AQSH G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishga kelishib olgani xabar qilingandi.


