1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

AQSH ag‘dargan davlat rahbarlari

AQSH tashqi siyosati eng bahsli masalalardan biri bu boshqa davlatlardagi hokimiyat almashinuvlariga bevosita yoki bilvosita aralashauvi bo‘lgan. Rasmiy Vashington bu harakatlarini “demokratiyani himoya qilish” va “inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash” yoki bo‘lmasam “xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish” kabi turli xil bahonalar bilan o‘zini oqlab kelgan.

AQSH ag‘dargan davlat rahbarlari

AQSh tashqi siyosati eng bahsli masalalardan biri bu boshqa davlatlardagi hokimiyat almashinuvlariga bevosita yoki bilvosita aralashauvi bo‘lgan. Rasmiy Vashington bu harakatlarini “demokratiyani himoya qilish” va “inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash” yoki bo‘lmasam “xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish” kabi turli xil bahonalar bilan o‘zini oqlab kelgan.

 

 

Davlat rahbarlarining ag‘darilishi yoki hokimiyatdan chetlashtish bo‘yicha AQSHning tarixiy tajribvasi shuni ko‘rsatadiki uning tashqi siyosatida e’lon qilingan qadryatlar bilan real hayot o‘rtasida yetarlicha jiddiy farqlar bor. Mamlakat demokratiya va inson huquqlari ko‘pincha bir vosita sifatida ishlatilgan, biroq, asl maqsad esa geosiyosiy ustunlik va mintaqani butunlay nazorat qilish bo‘lgan. Yaqindagina AQSH Veneseula rahbari Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag‘darib uni Qo‘shma Shtatlarga olib kelingan edi. Mazkur voqea xalqaro hamjamiyatda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ishoning bu AQSH aralashuvi oqibatida o‘ldirilgan yoki ag‘darilgan birinchi yoki oliy darajadagi rahbar emas.

 

Zamon.uz’ning navbatdagi tahlil markazida AQSh tomonidan ag‘darilgan yoki hukumatdan chetlashtirilgan rahbarlar.

 

Muhammad Musaddiq (Eron)

 

Eronda 1950-yillarning boshlarida demokratik yo‘l bilan saylangan va Eron suvereniteti, iqtisodiy mustaqillik va parlament ustuvorligini asosiy qadriyat deb bilgan siyosatchi Muhammad Musaddiq 1953-yilda AQSH va Britaniya razvedkasining qo‘llab-quvvatlanishi oqibatida ag‘darilgan. Bu AQSHning maxfiy operatsiyalar orqali hukumat o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatishining klassik namunasi hisoblanadi. Musaddiqning ag‘darilishiga olib kelgan eng muhim sabab – Eron neft sanoatini milliylashtirgani bo‘ldi. 1951-yilda Britaniya nazoratidagi Angliya-Eron neft kompaniyasini (AIOC, keyinchalik BP) milliylashtirib, uning daromadli monopoliyasiga chek qo‘ydi. Foydaning asosiy qismi Buyuk Britaniyaga ketar, Eron esa juda kam ulush olar edi. Musaddiq bu holatni mustamlakachilikning davom etishi deb baholadi.

 

Britaniya ochiq harbiy yo‘l bilan aralasha olmagani sababli Eronga nisbatan neft embargosi joriy qildi, Eron neftini sotib olgan davlatlarga bosim o‘tkazdi, Xalqaro sudlarda Eronga qarshi da’volar qo‘zg‘adi.

 

Dastlab AQSH Musaddiqqa nisbatan neytral edi. Ammo 1950-yillar boshida vaziyat o‘zgardi. 1953-yilda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) va Buyuk Britaniya razvedkasi (MI6) hamkorlikda maxfiy davlat to‘ntarishi uyushtirdi. 1953-yil mart oyida TP-Ajax, ya’ni “Ajax operatsiyasi” deb atalgan reja CIA va Buyuk Britaniya razvedka xizmati MI6 tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Rejaning asosiy maqsadi xalqni qo‘zg‘atish orqali Musaddiqni lavozimidan voz kechishga majbur qilish bo‘lgan.

 

Amerika va Britaniya razvedka xizmatlari Musaddiq hukumatiga qarshi bo‘lgan guruhlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi. Millionlab dollar pora tarqatilganidan so‘ng, bu guruhlar boshqaruvdan norozi bo‘lgan aholining his-tuyg‘ularini kuchaytirib, mamlakatda tartibsizliklar keltirib chiqardi. Ushbu to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘ldi.

 

Bu vaqtda g‘arbparast Shoh Muhammad Rizo Pahlaviy Musaddiqni lavozimidan chetlatishni istar edi va uning o‘rniga general Fazlulloh Zahidiyni tayinladi. Bunga javoban Musaddiq tarafdorlari ham ko‘chalarga chiqdi va Shoh avval Iroqqa, so‘ng Rimga qochdi. Musaddiqni ag‘darishga qaratilgan bu urinish dastlab muvaffaqiyatsiz tugadi.

 

Biroq bir necha oy o‘tgach, generallar mamlakatdagi tartibsizliklarga barham berish bahonasida Musaddiq, uning vazirlari va tarafdorlarini hibsga oldi. Shoh esa uch kundan so‘ng Eronga qaytdi. Shu tariqa Buyuk Britaniya va AQSH demokratik yo‘l bilan hokimiyatga kelgan, xalq talabi bilan neftni milliylashtirgan va amalga oshirmoqchi bo‘lgan islohotlari orqali demokratiyani mustahkamlashga urinayotgan Musaddiq hukumatini ag‘darishga muvaffaq bo‘ldi.

 

To‘ntarishdan so‘ng Musaddiq vatanga xiyonat qilishda ayblanib, 3 yil muddatga qamoqqa hukm qilinadi va hayotining so‘nggi yillarini uy qamog‘ida o‘tkazadi. U 1967-yilda uy qamog‘ida bo‘lgan holatda vafot etadi.

 

Salvador Alende (Chili)

 

1973 yilda Chili prezidenti Salvador Alende general Augusto Pinochet tomonidan harbiy to‘ntarish oqibatida ag‘darildi. AQSH to‘ntarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirmagan bo‘lsada, Vashingtonning siyosiy va razvedka yordami xalqaro manbalarda bilvosita aralashuv sifatida baholanadi.

 

Alende Chili tarixida birinchi marotaba demokratik yo‘l bilan saylangan sotsialist prezident edi. Uning milliylashtirish siyosati (masalan, konlarni, ayniqsa, Amerika kompaniyalariga tegishli konlarni milliylashtirish) ishbilarmon va konservativ elita tomonidan qattiq qarshilikka uchradi. Parlamentda Alende hukumatiga qarshi ko‘plab qarorlar va blokadalar bo‘lib, uning iqtisodiy va siyosiy islohotlarini to‘xtatishga harakat qilindi.

 

Salvador Alende hukmronligining dastlabki oylarida Chilida sotsialistik jamiyat qurish muhimligini taʼkidladi. Boy odamlarning mulki musodara qilindi va aholi ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatildi. Alendening buyrug‘i bilan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning onalariga kuniga yarim litr sut berildi. Mamlakatdagi eng kam maosh oluvchi odamlarning maoshlari ikki baravar oshirildi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarga sanksiyalar qo‘llash va mahalliy kompaniyalarni davlat nazoratiga o‘tkazish jarayoni tezlashtirildi. 1970 yilda Chilida 1960 yillarda sovuq urush kontekstida AQSHga qarshi faol sotsialistik davlat sifatida ko‘rilgan Kuba elchixonasining ochilishi Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarning keskinlashishiga olib keldi. Bu AQSHning ichki siyosiy va iqtisodiy aralashuvini kuchaytirdi, natijada 1973 yilda harbiy to‘ntarishning zaminini yaratdi.

 

AQSH razvedkasi qo‘llovi bilan milliy xavfsizlik va sotsialistik siyosatning Chili iqtisodiy barqarorligini buzishi haqidagi daʼvolar fonida 1973 yilda diktator general Augusto Pinochet boshchiligidagi harbiy to‘ntarish oqibatida Salvador Alende ag‘darildi. Prezident saroyiga uyushtirilgan keng qamrovli hujum vaqtida Alende vafot etadi va uning o‘limi atrofidagi holat mojaro mavzusiga aylanadi. Harbiy rasmiylar uning o‘z joniga qasd qilganini iddao qilsa, boshqalar u o‘ldirilgan va o‘z joniga qasd qilish holati sahnalashtirilgan deb hisoblashdi. 1990 yilda uning jasadi qabrdan chiqarilib, poytaxt Santyagoda rasmiy jamoat dafn qilinadi. Pinochet rejimi tomonidan sodir etilgan qotilliklar bo‘yicha jinoyat tergovi doirasida Alende jasadi 2011 yil may oyida yana qabrdan chiqarilib, ilmiy autopsiya o‘tkaziladi. Natijalar uning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlaydi.

 

Manuel Norega (Panama)

 

Nikolas Maduro ishi bilan tarixiy jihatdan eng yaqin o‘xshash holat Panama mamlakatining amaldagi diktatori bo‘lgan Manuel Norega bilan bog‘liq. 1989 yilda AQSH harbiylari Panamada to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy operatsiya boshlaydi. Mamlakat yetakchisi Manuel Norega ag‘dariladi, AQSHga olib ketilib, giyohvand moddalar savdosi ayblovlari bilan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bu AQSHning xorijiy yetakchini o‘z hududida sud qilgan noyob holatlardan biri edi. Buning sabablari sifatida AQSH fuqarolarini Panamada himoya qilish, nodemokratik amaliyotlar, korrupsiya va noqonuniy narkotik savdosi ko‘rsatilgan.

 

Norega AQSH bilan aloqalari tufayli avvaliga “strategik hamkor” sifatida tanilgan, ayniqsa sovuq urush davrida Markaziy Amerikadagi kommunistik harakatlarga qarshi kurashda AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shu bilan birga, u narkotik kontrabandasida ishtirok etganligi va korrupsiyaga aloqadorligi bilan tanilgan.

 

AQSHning Panamada harbiy harakati o‘sha paytda Vyetnam urushidan keyingi eng katta AQSH jang operatsiyasi hisoblangan. AQSH hukumati bu operatsiyani oqlash uchun turli sabablarni keltirgan, jumladan, Noregani AQSHga olib kelib, narkotik savdosi bo‘yicha sudga tortish orqali panamaliklarning ahvolini yaxshilashni maqsad qilgan.

 

Norega hokimiyatda bo‘lgan paytidayoq AQSH sudlari tomonidan giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha ayblangan. Keyinchalik AQSH harbiy amaliyoti ortidan qo‘lga olinib, sud qilinishi uchun AQSHga olib ketilgan.

 

Xuddi shunga o‘xshash tarzda, Nikolas Maduro ham AQSH tomonidan «narko-terrorizm» ayblovlariga duch kelgan va AQSH harakatlari ortidan qo‘lga olingan.

 

Manuel Norega Mayamiga ekstraditsiya qilingan, 1992 yilda aybdor deb topilib, 40 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U AQSH federal qamoqxonasida taxminan 17 yil jazo o‘tagan.

 

2010 yilda pul yuvish ayblovi bilan Fransiyaga ekstraditsiya qilinib, 7 yilga hukm etilgan, 2011 yilda esa qotillik ayblovlari bo‘yicha jazo o‘tashi uchun Panamaga qaytarilgan va 2017 yilda vafotigacha uy qamog‘ida saqlangan.

 

Saddam Husayn (Iroq)

 

2003 yilda Saddam Husayn Iroqda AQSH boshchiligidagi koalitsiya tomonidan ag‘darildi. Keyinchalik u qo‘lga olindi, sud qilindi va qatl etildi. Bu AQSHning rejim o‘zgarishiga bevosita harbiy aralashuvining eng ochiq misollaridan biri edi. Rasmiy Vashington bu harakatni “xavfsizlikni taʼminlash” va “ommaviy qirg‘in qurollari tahdidi” bilan izohlagan bo‘lsada, keyinchalik voqealar bu sabablarning qanchalik munozarali ekanini ko‘rsatdi.

 

Saddam Husayn hokimiyatining dastlabki yillarida AQSH Iroqni Eron islomiy inqilobiga qarshi muvozanat kuchi sifatida ko‘rgan. 1980 yillarda AQSH Saddam rejimiga bilvosita siyosiy va razvedka ko‘magi ko‘rsatgan.

 

Biroq 1990 yilda Iroqning Quvaytni bosib olishi munosabatlarni butunlay izdan chiqardi. AQSH boshchiligidagi koalitsiya Quvaytni ozod qildi, ammo Saddamni hokimiyatda qoldirdi. Shundan so‘ng Iroq o‘n yildan ortiq davom etgan qatʼiy sanksiyalar ostida yashadi.

 

2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSH tashqi siyosatida keskin burilish yuz berdi. Prezident Jorj Bush maʼmuriyati “yovuzlik o‘qi” tushunchasini ilgari surib, Iroqni xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi davlat sifatida taqdim etdi. AQSH rasmiylari Saddam Husayn ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqayotgani, terroristik guruhlar bilan aloqada bo‘lgani va BMT rezolyutsiyalarini muntazam ravishda buzganini daʼvo qildi.

 

2003 yil mart oyida AQSH va Buyuk Britaniya boshchiligidagi koalitsiya BMT Xavfsizlik Kengashining aniq roziligisiz Iroqqa harbiy hujum boshladi. Bir necha hafta ichida Bag‘dod egallandi, davlat boshqaruv tizimi izdan chiqdi va Saddam Husayn hokimiyatdan ag‘darildi. AQSH bu jarayonni “Iroqni ozod qilish” deb atadi.

 

Bosqindan so‘ng Saddam Husayn yashirinishga majbur bo‘ldi. 2003 yil dekabr oyida u AQSH harbiylari tomonidan Tikrit yaqinida qo‘lga olindi. Keyinchalik u AQSH nazorati ostidagi Iroq sudi tomonidan mahkama qilindi va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 2006 yilda qatl etildi.

 

Muammar Kaddafiy (Liviya)

 

2011 yilda Liviyada sodir bo‘lgan voqealar paytida NATO va AQSH havo operatsiyalari Kaddafiy rejimining qulashida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Kaddafiy AQSH tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hibsga olinmagan bo‘lsada, xalqaro aralashuv uning hokimiyatdan chetlatilishiga yo‘l ochdi. Bu jarayon bilvosita harbiy yordam deb hisoblanadi.

 

2011 yilda Liviyada sodir bo‘lgan voqealar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi “Arab bahori” jarayonlarining eng keskin va fojiali sahifalaridan biri bo‘ldi. Qariyb 42 yil davomida mamlakatni boshqargan Muammar Kaddafiy hokimiyatdan ag‘darildi va o‘ldirildi. Bu jarayonda AQSH va NATO yetakchiligidagi G‘arb davlatlarining harbiy-siyosiy aralashuvi hal qiluvchi rol o‘ynadi.

 

Muammar Kaddafiy 1969 yilda harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatga kelib, Liviyada o‘ziga xos siyosiy tizim – «Jamahiriya»ni barpo etdi. U G‘arb taʼsiriga qarshi chiqdi, neft sanoatini milliylashtirdi va AQSHni mintaqadagi asosiy raqib sifatida ko‘rdi.

 

1980-1990 yillarda Kaddafiy AQSH tomonidan “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi” sifatida baholandi, Liviyaga sanksiyalar joriy etildi va 1986 yilda Tripoliga AQSH havo hujumlari uyushtirildi.

 

2000 yillarda esa Kaddafiy G‘arb bilan muvaqqat yaqinlashuvga bordi, yadroviy va kimyoviy qurollardan voz kechdi, sanksiyalar bekor qilindi va diplomatik aloqalar tiklandi. Biroq bu yaqinlik uzoq davom etmadi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика