
Endilikda yangi AUUKUS alyansi tuziladi. Jozef Baydenning fikricha, bu hamkorlikdan asosiy maqsad kuchayib borayotgan tahdidlarga qarshi eng zamonaviy qurollar bilan javob berishdan iborat bo‘ladi. Hozirda AUUKUS 3 mamlakat floti, olimlari va sanoatini birlashtirishi taʼkidlandi. Shuningdek, kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt va turli kvant texnologiyalari sohasida hamkorlik qilinadi.
Alyans o‘zining dastlabki loyihasini ham eʼlon qildi. Unga ko‘ra, Avstraliya floti atom suvosti kemalari bilan kuchaytiriladi. Lekin u yadro bombasi emas, oddiy qurollar bilan jihozlanadi. Avstraliya bosh vaziri Skot Morrison Kanberra AQSH va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda suvosti kemalarini ishlab chiqarmoqchi ekanini maʼlum qildi.
Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ushbu ittifoq katta ahamiyatga ega ekanini qayd etgan. "Bu hamkorlik bizning Hind va Tinch okeani havzasidagi eng muhim manfaatlarimizni himoya qilishda kerak bo‘ladi", — degan Jonson.
Mutaxassislarning fikricha, AUUKUS, eng avvalo, Xitoyning o‘sib borayotgan taʼsiriga qaratilgan. AQSH XX asrdagi eng ashaddiy raqibi sobiq Ittifoqqa qarshi NATOni tuzgani kabi, bu ham Xitoyga qarshi qaratilgan harbiy alyans vazifasini bajaradi. Pekinning Vashingtondagi elchixonasi bunga munosabat bildirib, AQSHni sovuq urush davridagi fikrlashdan voz kechishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval AQSH generali Xitoy va Rossiya bilan urushga kirmaslik zarurligini aytgan edi.
Jahongir Qo‘ziyev


