Donald Tramp agar Eron rahbariyati Vashington bilan kelishuvga erishishdan bosh tortsa va raketa dasturini davom ettirsa, Tehronga yana zarba berish ehtimoli mavjudligini ma’lum qildi. Bu haqda u Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berar ekan aytib o‘tdi deydi media.az nashri.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh qurolli kuchlarining Fordov, Natanz va Isfahondagi Eron yadroviy inshootlariga qaratilgan avvalgi zarbalari Yaqin Sharqda muhim kelishuvga erishish uchun zarur bo‘lgan. U Eron yadroviy dasturi qayta tiklanishi uchun vaqt talab etilishini, biroq kelishuvsiz qayta tiklashga urinish bo‘lsa, AQSh bu jarayonni yana yo‘q qilishga qodirligini ta’kidladi.
“Eron yadroviy dasturini davom ettirishga urinishi mumkin. Ular tiklanishi uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi. Ammo agar ular biz bilan kelishuvsiz bu yo‘lni tanlasalar, biz uni yana yo‘q qilamiz. Ularning raketalarini juda tez yo‘q qila olamiz”, dedi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyining boshida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi “Al Jazeera”ga bergan intervyusida mamlakat uranni tinch maqsadlarda boyitishda davom etishini bildirgan edi. Shuningdek, u Eron raketa dasturining kelajagi bo‘yicha muzokara o‘tkazish masalasini qat’iyan rad etganini va “uning harbiy tarkibiy qismidan voz kechishga hech bir aqli raso odam rozi bo‘lmasligini” qayd etgan.


