Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSh tomonidan ehtimoliy harbiy hujum sodir etilgan taqdirda, Tehron Fors ko‘rfazi mintaqasida joylashgan Amerika harbiy bazalariga zarba berishini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, bunday zarbalar qo‘shni davlatlarga qarshi emas, balki faqat AQSh harbiy obyektlariga qaratiladi.
"Bizda Amerika hududiga hujum qilish imkoniyati yo'q. Agar Vashington bizga hujum qilsa, biz uning mintaqadagi bazalariga hujum qilamiz", deb ta'kidladi Aroqchi.
6-fevral kuni Ummonning Maskat shahrida AQSh va Eron delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar dolzarb masalalarni muhokama qilib, kelgusida uchrashuvlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Uchrashuvda AQSh Markaziy qo‘mondonligi vakili ham qatnashgani qayd etildi.
Shu bilan birga, ayrim tahlillarga ko‘ra, Vashington ehtimoliy keskin ssenariylarga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Eron tomoni yadroviy dastur bo‘yicha muammo faqat muzokaralar orqali hal qilinishi mumkinligini ta’kidlab, uranni boyitish darajasi mamlakat ehtiyojlariga bog‘liq ekanini bildirdi.


