
Jo Bayden maʼmuriyati shu yil bahorida Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlarini olib chiqib ketilishini eʼlon qildi. Hozirda bu jarayon deyarli yakuniga yetdi. Shu bilan birga Oq uy Iroqdagi qo‘shinlarni ham olib chiqishini maʼlum qildi. 26 iyul kuni Bayden Oq uyda Iroq bosh vaziri Mustafo Kozimiyni qabul qildi va AQSH harbiy missiyasi tugatilishini eʼlon qildi. Endilikda Vashington Iroqqa asosan xalqaro terrorizmga qarshi kurashda yordam beradi, ammo AQSH qurolli kuchlari harbiy harakatlarda qatnashmaydi.
Sabablar
2020 yil 3 yanvar kuni AQSH qo‘shinlari Bag‘dod yaqinida Eron generali Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgani ortidan 4 yanvar kuni Iroq parlamenti mamlakatdan barcha xorijiy qo‘shinlarni olib chiqib ketishni talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi. Bundan tashqari Eron o‘z generali o‘limi uchun qasos olish maqsadida AQSHning Iroqdagi bir necha bazalariga zarba berdi, bu jarayon hozir ham baʼzi guruhlar tomonidan davom ettirilmoqda. Bazalar jiddiy zarar ko‘rmagan bo‘lsada, AQSHning mintaqada yana bir yirik kuch-Eron bilan to‘qnashuvi xavfini oshirdi, bu esa Vashingtonni tobora Yaqin Sharqda yana-da mojarolarga o‘ralashib qolishiga olib kelardi.
2010 yillardan boshlab AQSH tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishi o‘zgara bordi. Yaqin Sharq o‘rnini endilikda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (Xitoy atrofi) egallay boshladi. AQSHning bir necha mashhur siyosatshunoslari, jumladan Genri Kissinjer, Richard Xaas va boshqalar asosiy eʼtiborni Xitoyga qaratish zarurligini taʼkidlashdi. AQSH endilikda bor eʼtiborini Xitoyni tiyib turishga qaratadi, bu esa o‘z navbatida boshqa mintaqalardagi kuchlarni kamaytirish yoki butunlay olib chiqishni taqozo qiladi. Afg‘oniston va Iroqdan qo‘shinlarni olib chiqib ketish AQSHning global strategiyasining bir qismidir.
Iroq urushi AQSHga moliyaviy jihatdan ham qimmatga tushdi. Masalan, 2003 yildan 2019 yilgacha AQSH 1.9 trillion dollar sarflagan. Bu ham Vashingtonni Iroqdagi harakatlarni to‘xtatishga majbur qilgan sabablardan biri. Bundan tashqari, Iroq bosh vaziri Mustafo Kozimiy so‘nggi yilarda AQSH Iroq armiyasini shakllantirishga katta yordam berganini, endilikda armiya Iroqni o‘zi himoya qila olishini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, Iroq jamiyatida AQSHga qarshi kayfiyat so‘nggi yillarda ancha oshdi, bu ham Vashingtonni qo‘shinlarni olib chiqishga majbur qilgan bo‘lishi mumkin.
AQSH armiyasi ketgandan so‘ng Iroqda nima bo‘ladi?
Jo Baydenning maʼlum qilishicha, AQSH o‘z qo‘shinlarini olib ketsa-da, ammo Iroqqa xalqaro terrorizmga qarshi, eng avvalo ISHIDga qarshi kurashga yordam berishda davom etadi. Shuningdek, AQSH harbiy maslahatchilari Iroqda qoladi, Vashington Iroq armiyasi askarlarini tayyorlashda yordam beradi. Shunday bo‘lsa-da, baʼzi ekspertlar AQSH Iroqdan chiqib ketganidan so‘ng mamlakat navbatdagi qonli urushlar ichida qolishidan xavotirda.
Eng avvalo ISHID yana yo‘qotilgan pozitsiyalarini qaytarib olishi mumkin. Bu eng yomon ssenariy. Ammo bunday holatda mintaqaning boshqa yirik davlatlari, eng avvalo Eron Iroqqa yordam berishi mumkin.
Bundan tashqari mutaxassislar AQSH qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng xuddi Afg‘onistondagi kabi keskinlik yuzaga kelishi va fuqarolar urushi boshlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Iroqda murakkab etnik va konfessional ziddiyatlar bor, AQSH esa bu ziddiyatlarning avj olib ketishini maʼlum darajada cheklab turgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat bir necha o‘n yillardan buyon butun dunyoga tahdid solmoqda. Beqaror vaziyat mintaqani xalqaro terrorizmning asosiy o‘choqlaridan biriga aylantirdi. Yaqin Sharqda mustahkam tinchlik o‘rnatish, undagi ziddiyatlarga barham berish-zamonamizdagi eng muhim muammolardan biridir.
Jahongir Qo‘ziyev


