AQSH ma’muriyati Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan amalda bo‘lib kelayotgan “Jekson–Venik” savdo cheklovlarini bekor qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.
Bu haqda AQSH davlat kotibi va prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Marko Rubio Senatning tashqi ishlar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan eshituvlar chog‘ida ma’lum qildi.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tuzatishni bekor qilish Vashingtonning mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorligini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. “Biz buni ko‘rishni istaymiz. Bu Markaziy Osiyo respublikalari bilan o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi u senatorlarning savollariga javob berar ekan.
“Jekson–Venik” tuzatishi 1974-yilda AQSH Kongressi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, dastlab Sovet Ittifoqida erkin emigratsiya cheklanganiga javoban joriy etilgan edi. SSSR parchalangach, ushbu cheklovlar avtomatik ravishda mustaqil MDH davlatlariga, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham tatbiq etilgan. Marko Rubio avvalroq bu hujjatni “o‘tmishdan qolgan norma” deb atagan.
Senat eshituvlarida so‘z olgan senatorlardan biri o‘zi va hamkasbi Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan “Jekson–Venik” tuzatishini bekor qilish bo‘yicha qonun loyihasini allaqachon tayyorlaganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, 6-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi sammitda ham AQSH ushbu cheklovlarni yaqin kelajakda bekor qilishi mumkinligi haqida signal bergan edi.


