Oxu.az nashri bergan xabarga ko‘ra, bu haqda u Oq uyda bo‘lib o‘tgan, byudjet va soliq siyosati rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirda bayonot bergan.
“Kecha biz Xitoy bilan savdo bitimini imzoladik. Ular hozirgina bu bitimni tasdiqladilar”, — dedi prezident. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Hindiston bilan ham xuddi shunday yirik kelishuvga erishish ustida ish olib bormoqda.
“Biz Hindiston bilan shartnoma tuzishimiz mumkin. Juda katta kelishuv. Bu orqali AQSh biznesi uchun Hindiston bozorini ochamiz. Xitoy bilan imzolangan bitim doirasida esa AQSh ishlab chiqaruvchilari uchun Xitoy bozori ochila boshlaydi”, — deya ta’kidladi Donald Tramp.
Prezident, shuningdek, barcha davlatlar bilan savdo shartnomalari tuzilmasligini qayd etdi. “Ba’zilariga biz xat yuboramiz: ular 25 foiz, 35 foiz yoki 45 foiz boj to‘lashi kerakligini bildirgan holda”, — dedi AQSh ma’muriyati rahbari.
Ma’lumot uchun, 2-aprel kuni AQSh Prezidenti 185 mamlakat va hududlar mahsulotlariga bojxona to‘lovlari joriy etilishini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, 10 foizlik universal tarif 5-aprel kuni, maxsus individual tariflar esa 9-apreldan kuchga kirgan.
O‘sha kuni Tramp ayrim javob tariflarini 90 kunga to‘xtatib turishga qaror qilganini ham bildirdi. Oq uy bu chorani savdo maslahatlashuvlari jarayonlari bilan bog‘liq, deb izohlagan. Shu vaqt davomida 10 foiz universal tarif amal qiladi.


