AQSh bir hafta ichida Qirg'izistonga qarshi sanksiyalar e'lon qilishi mumkin, deya xabar berdi The Washington Post. Gazetaga ko‘ra, Vashington Bishkekni Rossiyaga Xitoy, Yevropa va Janubiy Koreyadan sanksiyalar ro'yxatiga kiritilgan tovarlarni yetkazib berishda ayblamoqda. Ular orasida dronlar, optik nishonlar va yarimo'tkazgichlar bor.
Ta'kidlanishicha, sanksiyalar haqidagi qaror amerikalik va yevropalik diplomatlarning Bishkekka “bir necha oylik samarasiz tashriflari” ortidan qabul qilingan.
"Qirg'iziston, garchi boshqalar bilan solishtirganda kichik davlat bo'lsa-da, barcha omillar bir vaqtning o'zida (sanksiyalardan qochish uchun) yo'l qo'yib bo'lmaydigan qulay shart-sharoitlarni yaratayotganiga yaqqol misoldir", - dedi WP manbasi.
Xabarda keltirilishicha, misol tariqasida Qirg‘iziston kompaniyalari fevral-mart oylarida Xitoy va Janubiy Koreyadan minglab dollarga “sezgir elektronika” sotib olgan. Xuddi shu davrda Qirg'izistondan Rossiyaga taxminan bir xil miqdordagi elektronika eksport qilingani keltirilgan. Vashingtonga ko'ra, xaridorlarning aksariyati Rossiya mudofaa sanoatining yetkazib beruvchilari.
Qayd etilishicha, 2022-yilda Qirg‘izistondan Rossiyaga eksport hajmi 250 foizga oshgan.
Qirg‘izistonning AQShdagi elchixonasi WP nashriga Bishkek xalqaro me’yorlarga amal qilishini, kontrabanda va boshqa turdagi noqonuniy savdoni bostirishini aytdi. Diplomatik missiya Rossiya bilan tovar ayirboshlashning keskin o'sishini qisman tovarlarni kuzatish tizimini takomillashtirish bilan bog'ladi. Elchixona, shuningdek, real iqtisodiy kontekst hisobga olinmaganini ta'kidladi, chunki Rossiya va Qirg'iziston YeOII a'zolari va Rossiya mamlakatning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi.


