TASS nashrining xabar berishicha, AQSH Sudandagi qurolli mojaroni hal etish jarayoniga Tinchlik Kengashini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Amerikalik diplomatlar ushbu tashabbus doirasida gumanitar sulhni tez fursatda yo‘lga qo‘yish va joriy yil mart oyiga qadar harbiy harakatlarni doimiy ravishda to‘xtatishga erishishni maqsad qilgan.
Manbalarga ko‘ra, ishlab chiqilayotgan strategiya, shuningdek, Sudan qurolli kuchlari va xavfsizlik tizimidagi uzoq yillardan beri muhokama qilinib kelayotgan islohotlarni amalga oshirishni ham nazarda tutadi. Taklifning asosiy shartlaridan biri mamlakatning harbiy va siyosiy hayotidan ekstremistik unsurlar, jumladan ayrim islomiy guruhlarni chetlashtirish hisoblanadi.
Nashrning yozishicha, mazkur tashabbus Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan hafta ushbu davlatlar vakillari bilan diplomatik saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan muzokaralar olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, Sudandagi mojaro 2023 yil aprel oyida Sudan Suveren Kengashi raisi va armiya qo‘mondoni Abdul Fattoh al-Burhon hamda Tezkor aralashuv kuchlari rahbari Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar fonida boshlangan. To‘qnashuvlar oqibatida kamida 40 ming kishi halok bo‘lgani, qariyb 14 million fuqaro o‘z uyini tark etgani va millionlab odamlar ocharchilik xavfi ostida qolgani qayd etilmoqda.


