AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ning ilk yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur uchrashuv 19-fevral kuni Vashington shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tinchlik kengashi” G‘azo sektoridagi vaziyatni barqarorlashtirish, mojarodan keyingi tiklanish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda xalqaro moliyaviy yordam mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan tuzilma sifatida tashkil etilgan. Yig‘ilishda kengash faoliyatida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan davlatlar rahbarlari darajasidagi vakillar qatnashishi kutilmoqda.
AQSh ma’muriyati ushbu tuzilma orqali G‘azoni tiklash jarayonining keyingi bosqichlarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, ayrim donor davlatlar mablag‘ ajratish masalasida ehtiyotkor pozitsiyani egallagan. Xususan, ular moliyalashtirish jarayonini xalqaro tashkilotlar orqali amalga oshirish masalasini muhokama qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tinchlik kengashi” doirasida G‘azo sektorini qayta tiklash uchun yirik moliyaviy resurslarni jalb qilish, shuningdek, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ko‘zda tutilgan.


