Ikki davlat o‘rtasidagi Ukraina bo‘yicha mojaro Amerikaning aerokosmik giganti “Boeing” taʼminot zanjiriga taʼsir qiladi, deb yozadi Reuters.
Geosiyosiy keskinliklar biznes uchun "noqulay iqlim" yaratmoqda, kompaniyaning taʼkidlashicha, “Boeing” Rossiya titan yetkazib berishiga qaram.
Korporatsiya VSMPO-Avisma metallurgiya kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Samolyot ishlab chiqaruvchisi AQSHning har qanday sanksiyalarini, shuningdek, Rossiyaning javobini kuzatib borishini va baholashini aytdi. “Boeing” rahbariyatining taʼkidlashicha, sanksiyalarning bir qismi kompaniyaning taʼminot tarmog‘iga, shuningdek, uning biznes hamkorlari yoki mijozlari faoliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Aerokosmik gigant shundoq ham qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda, chunki uning taʼminot zanjiri pandemiya cheklovlari tufayli zarbaga uchragan. Korporatsiya kelgusi choraklarda salbiy operatsion pul oqimlarini kutayotgani haqida ogohlantirdi. Taʼminot normal darajaga qaytguncha muammolar davom etadi.
Moskva va Vashington o‘rtasidagi ziddiyat nafaqat “Boeing”ni, balki uning raqobatchilarini ham xavotirga soldi. Ko‘pgina G‘arb aerokosmik kompaniyalari titan zaxiralarini ko‘paytirish taraddudida va eritish zavodlari Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi savdo urushiga aralashib qolgan taqdirda taʼminot zanjirlarini mustahkamlashga harakat qilishmoqda.
Avvalroq AQSH Rossiyadan xavfsizlik masalasida yozma javob olgani xabar qilingandi.


