Qo‘shma Shtatlar hukumati musodara qilingan Venesuela neftini resmiy ravishda sotuvga qo‘yganini maʼlum qildi. Birinchi bitim allaqachon yakunlangan bo‘lib, uning qiymati taxminan 500 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Ushbu neft savdosi Venesuela va AQSH o‘rtasida shu oyda erishilgan ikki milliard dollarlik kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda. Rasmiy vakilning maʼlumotiga ko‘ra, qo‘shimcha neft savdosi yaqin kunlar va haftalarda davom etishi kutilmoqda. Dastlabki tushum AQSH nazoratidagi bank hisoblarida, asosan Qatar orqali yuritilmoqda. Bu choralar Venesuelaning energiya sektorini tiklash va global bozorda sotishni tartibga solish maqsadida amalga oshirilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaning ulkan neft zaxiralaridan foydalanish niyatini ochiqchasiga eʼlon qilgan. U mamlakat energetika sektorini qayta tiklash uchun kamida 100 milliard dollar sarmoya jalb etishni rejalashtirganini aytgan, biroq AQSHning yirik neft kompaniyalari rahbarlari bu rejalar bo‘yicha huquqiy va tijorat kafolatlari yetishmasligi haqida ogohlantirgan.


