1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

AQSh Xitoyni 2020-yilda yashirin yadroviy sinovlar o‘tkazishda aybladi

Vashington Pekin sinovlarni yashirish uchun maxsus detonatsiya texnikasidan foydalanganini taxmin qilmoqda.

AQSh Xitoyni 2020-yilda yashirin yadroviy sinovlar o‘tkazishda aybladi

 

AQSh Davlat departamenti Xitoy 2020-yilda yashirin yadroviy portlovchi sinov o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda. Bu haqda AQSh Davlat kotibining qurol nazorati va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Tomas DiNanno Jenevada bo‘lib o‘tgan Qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyada ma’lum qildi deydi TASS.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh hukumati Xitoy tomonidan o‘tkazilgan ehtimoliy sinovlar haqida ma’lumotlarga ega. Jumladan, 2020-yil 22-iyun kuni yuzlab tonna quvvatga teng portlash bo‘lgan sinov o‘tkazilgani taxmin qilinmoqda. AQSh tomoni Pekin bunday sinovlarni yashirish uchun seysmik monitoring tizimlarini chalg‘ituvchi maxsus detonatsiya — ya’ni portlashni yer osti bo‘shliqlarida amalga oshirish (“decoupling”) texnikasidan foydalangan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

 

AQSh rasmiylariga ko‘ra, bunday harakatlar yadroviy sinovlarga qo‘yilgan xalqaro cheklovlar ruhiga zid bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Xitoy avval ham shunga o‘xshash ayblovlarni rad etib kelgan. Ayrim ekspertlar esa ayrim texnik belgilar ruxsat etilgan subkritik sinovlardan farqlanmasligi mumkinligini ta’kidlab keladi.

 

Mazkur bayonotlar yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha global vaziyat keskinlashayotgan bir paytda yangramoqda. Xususan, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi strategik yadroviy arsenallarni cheklovchi Yangi START shartnomasi 2026-yil fevral oyida muddati tugadi. Bu esa yirik yadroviy davlatlar o‘rtasida yangi kelishuv zarurligi haqidagi bahslarni kuchaytirdi.

 

AQSh tomoni kelgusida yadroviy qurollar ustidan nazorat bo‘yicha yangi, kengroq formatdagi muzokaralar zarurligini ta’kidlamoqda. Xitoy esa hozircha bunday muzokaralarga qo‘shilish masalasida ehtiyotkor pozitsiyani saqlab qolmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика